Qariyb 100 yllik tarixga ega azim universitet 1930-yilda tashkil etilgan Markaziy Osiyodagi birinchi mustaqil oliy tibbiyot ta'lim muassasasi bo'lib, bugungi kunda eng yirik tibbiyot universitetlaridan biri hisoblanadi.
O'zining shonli tarixi davomida yetakchi professorlar, akademiklar va vazirlarni tayyorlagan universitet nafaqat O'zbekistonda, balki butun Yevroosiyo mintaqasida yetakchi tibbiyot universitetlaridan biriga aylanishning murakkab va shu bilan birga sharafli yo'lini jasorat bilan, bosqichma-bosqich davom ettirmoqda. Zamonaviy ta’lim standartlari, ilg‘or klinik amaliyot va xalqaro hamkorlikni uyg‘unlashtirgan holda, universitet milliy va global tibbiyot rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Bugungi kunda universitetda 800 dan ortiq yuqori malakali professor-o'qituvchilar 15000 dan ortiq talabalarga yuqori malakalli, zamonaviy tibbiy ta’lim berib kelmoqda. Shuni ham alohida ta’kidlash joizki, talabalarning 4000 ga yaqinini xorijlik talabalar tashkil etadi. Universitetda O’zbekiston bilan bir qatorda Hindiston, Pokiston, Xitoy, Rossiya, Koreya, Turkiya, Ozarbayjon, Tunis, Filippin, Nepal, Bangladesh, Falastin, Eron, Malayziya, Afg'oniston, Qozog'iston, Tojikiston, Turkmaniston va Qirg'iziston kabi davlatlardan talabalar ta’lim olib kelmoqda.
Universitetning tibbiy ta'lim jarayoni va uning samaradorligi ko’plab xalqaro reytinglar va akkreditatsiya agentliklari tomonidan e’tirof etilgan. Jumladan, “ECAQA” (Ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasida akkreditatsiya va sifatni ta’minlash bo‘yicha Yevroosiyo markazi) mustaqil akkreditatsiya va reyting agentligi tomonidan Samarqand davlat tibbiyot universitetining ta’lim faoliyati sifatining jahon standartlari va mezonlariga muvofiqligi tahlildan o‘tkazildi hamda xalqaro institutsional akkreditatsiya sertifikati topshirildi.
2030-yilga qadar amalda bo‘ladigan mazkur akkreditatsiya nafaqat universitet, balki unda o‘qiyotgan minglab talabalar uchun ham katta imkoniyatlar eshigini ochib, bitiruvchilarning diplomlari xorijiy davlatlar va ish beruvchilar tomonidan tan olinishiga zamin yaratadi.
Shuningdek, dunyoning eng nufuzli xalqaro reyting tizimlaridan biri hisoblangan Times Higher Education (THE) tomonidan 2025-yil uchun e’lon qilingan THE Impact Rankings 2025 natijalariga ko‘ra, Samarqand davlat tibbiyot universiteti ilk bor dunyoning eng yaxshi 1000 ta oliy ta’lim muassasalari (601–800 o‘rinlar oralig‘i) ro‘yxatidan munosib o‘rin egalladi. Bu esa universitet bitiruvchilari uchun xalqaro miqyosda katta imkoniyatlar eshigini ochadi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Yuqori sifatli oliy tibbiy ta'lim berishdan tashqari, universitet kelajakdagi tibbiyot xodimlarining kasbiy ko'nikmalari va malakalarini rivojlantirishga katta e'tibor qaratadi. Shu nuqtai nazardan, zamonaviy tibbiy ta'lim talablariga mos keladigan zamonaviy simulyatsion robotlar bilan jihozlangan universitet simulyatsion o’quv markazi talabalarning amaliy bilim va ko'nikmalarini boyitishga katta hissa qo'shmoqda.
Samarqand davlat tibbiyot universiteti jahonning bir qator mamlakatlarining ta’lim muassasalari va klinik bazalari bilan hamkorlikda ikki yuzga yaqin memorandumlarni imzolab, hamkorlik aloqalari o’ttizga yaqin qo’shma ta’lim dasturlarini amalga oshirib kelmoqda. AQSH, Turkiya, Italiya, Rossiya, Germaniya, Yaponiya, Xitoy, Koreya bilan yo’lga qo’yilgan aloqalar va qo’shma ta’lim dasturlari bunga misol bo’la oladi.
Shu jumladan Universitetimiz bizga qardosh o’lka bo’lgan Turkiyaning ham bir qator tibbiy va oliy ta’lim muassasalari bilan iliq do’stona va ilmiy-amaliy hamkorlikni yuritib kelmoqda. Xususan, Turkiyaning yetakchi oliygohlaridan biri bo‘lgan Sog‘liq bilimlari universiteti bilan hamkorlik asosida tashkil etilagan Davolash ishi yo‘nalishi bo‘yicha 5+1 shaklidagi qo'shma ta'lim dasturi doirasida 1-bosqichda tahsil olayotgan talabalarga “Oq xalat kiydirish marosimi” tantanali tarzda tashkil etildi. Marosimda biz va qadrli do’stimiz, professor Kamalettin Aydin janoblari tomonidan talabalarimizga ramziy oq xalatlar kiydirildi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, bu ishlar bizning ilmiy-amaliy va do’stona aloqalarimizning yaqngi bosqichini boshlab beradi.
Samarqand davlat tibbiyot universiteti talabalarga sifatli va zamonaviy ta’lim berish barobarida ularning iqtidorlari va salohiyatlarini namoyish etishlari uchun ham keng imkoniyatlar yaratib kelmoqda. Jumladan, universitetda har yili ko’plab ilmiy-amaliy anjumanlar, musobaqa va olimpiadalar, shuningdek, madaniy va sport tadbirlari ham tashkil etilib kelinadi. “Samarqand 2020” tibbiyot oliygohlari talabalarining xalqaro olimpiadasi, “"Fundamental, amaliy tibbiyot va farmatsiya yutuqlari" nomli talabalar va yosh olimlarning xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi” shular jumlasidandir. Bundan tashqari universitet talabalari uchun dunyoning rivojlangan mamalakatlarida o’z bilim va ko’nikmlarini oshirish uchun akademik mobillik dasturlari ham yo’lga qo’yilgan. Xususan, universitet tashabbusi bilan klinik ordinatorlar, magistrantlar, doktorantlar uchun rivojlangan mamlakatlarda stajirovka o‘tash imkoniyatini beruvchi grant dasturi e’lon qilingan.
Xulosa qilib aytganda, Samarqand davlat tibbiyot universiteti boy tarix, zamonaviy ta’lim va keng xalqaro hamkorlikni o‘zida mujassam etgan holda, nafaqat milliy, balki xalqaro miqyosda ham e’tirof etilayotgan nufuzli oliy ta’lim muassasasiga aylanib bormoqda. Bu esa O’zbekiston, balki, jahon tibbiyotiga yetuk, malakali tibbiy kadrlarni yetkazib berishga zamin yaratadi desak, mubolag’a bo’lmaydi.