Samarqandda tug‘ilgan ilm, ertangi shifokorlarga omonat



Registon maydonida tong nuri koshinlarga urilganda, toshlar jim turmaydi, go‘yo so‘zlaydi. Mirzo Ulug‘bekning osmon sari qaratilgan nigohi hanuz shu shahar ustida kezib yuradi. Shohi Zinda ziyoratgohining salqin yo‘laklarida yurganingizda, ilm bilan hayot yonma-yon yashagan bir tamaddunning nafasi seziladi. Samarqand shunday shahar. Uning go‘zalligi faqat gumbazlarida emas, ilmga bo‘lgan hurmatidadir.

Men Samarqand Davlat Tıbbiyot Universiteti rektoriman. Bu shaharda universitet boshqarish oddiy ma’muriy vazifa emas, balki bir merosni ko‘tarishdir. Universitetimiz 1930 yilda tashkil etilgan. Qariyb bir asr davomida u minglab shifokorlarni yetishtirdi. Sovet davridan meros bo‘lgan intizomiy ta’lim an’analari mustaqillikdan keyin O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi ehtiyojlariga mos ravishda yangilandi. Bugun universitetimiz nafaqat mamlakatimiz, balki butun mintaqa uchun muhim tibbiyot markazidir.

Bizning ta’lim modelimiz auditoriya bilan klinika orasiga devor qo‘ymaydi. Talabalarimiz dastlabki bosqichlardan boshlab shifoxona muhitiga kiradi. Simulyatsiya markazlari, amaliy ko‘nikma laboratoriyalari va klinik bazalar nazariy bilimni hayot bilan bog‘laydi. Shifokor faqat bilim bilan emas, mas’uliyat bilan shakllanishini yaxshi bilamiz. Shu sababli ta’limni yopiq doirada emas, inson hayoti bilan tutashgan joyda olib boramiz.

Umumiy tibbiyot yo‘nalishi asosiy tayanchimizdir. Shuningdek, pediatriya, stomatologiya, hamshiralik va sog‘liqni saqlash fanlari bo‘yicha dasturlarimiz mavjud. Magistratura va klinik ordinatura bosqichlarida chuqur ixtisoslashuv imkoniyatlari yaratilgan. Talabalar soni o‘n besh mingdan oshadi. Bu ko‘lam bizni xotirjam qilmaydi, aksincha yanada mas’uliyatli bo‘lishga undaydi. Katta universitet bo‘lish oson, mustahkam ilmiy madaniyat yaratish qiyin. Biz qiyin yo‘lni tanlaganmiz.

Ta’lim tillarimiz tarixan o‘zbek , rus va ingliz tillariga asoslangan. Ingliz tilidagi dasturlarimiz ham keying yillarda rivojlanmoqda. Bu yil esa yana bir muhim yangilik amalga oshdi. Sağlık Bilimleri Üniversitesi bilan hamkorlikda tashkil etilgan Qoshma talim Fakulteti faoliyat boshladi va ilk 87 nafar talabalarini qabul qildi. Shu bilan birga ta’lim tillarimiz qatoriga turk tili ham qo‘shildi.

Turk tilining o‘quv jarayoniga kirib kelishi oddiy texnik o‘zgarish emas. Bu ikki qardosh xalq o‘rtasidagi ilmiy yaqinlashuvning ifodasidir. Endi kampusimizda o‘zbek, rus va ingliz tillari bilan bir qatorda turk tili ham akademik til sifatida jaranglaydi. Til — bu faqat aloqa vositasi emas, tafakkur shaklidir. Shu bois turk tilining ta’lim tiliga aylanishi bizning strategik qarashlarimizning mantiqiy davomidir.

Ilmiy tadqiqot yo‘nalishida ham qat’iy rejamiz bor. Klinik tadqiqot salohiyatini kengaytirmoqdamiz. Laboratoriya bazasini zamonaviylashtiryapmiz. Xalqaro ilmiy maydonda ko‘rinishimizni kuchaytirishga intilyapmiz. Infeksion kasalliklar, ona va bola salomatligi, jarrohlik yo‘nalishlari bo‘yicha olib borilayotgan ishlar jamiyat ehtiyojidan kelib chiqadi. Biz uchun tadqiqot — mansab pog‘onasi emas, mas’uliyatdir.

Bu o‘rinda yaqin do‘stlik, hamkorlik va qardoshlik tamoyillariga asoslangan yondashuvi uchun Kemalettin Aydın, Sağlık Bilimleri Üniversitesi rektori, hurmatli professor doktor Kemalettin Aydinga alohida minnatdorlik bildiraman. Uning samimiyati va uzoqni ko‘zlagan qarashi ushbu hamkorlikni mustahkam poydevorga qo‘ydi.

Samarqand qadimiy shahar. Ammo biz bu yerda faqat tarix bilan faxrlanib turmaymiz, kelajakni ham quramiz. Yetishtirayotgan har bir shifokorimiz — bu shaharning ilmiy an’anasidan bir iz, ertangi kun uchun omonatdir. Endi bu omonatda turk tilining ham ovozi bor. Uni asrab-avaylash va rivojlantirish bizning burchimizdir.